iPhone 17 Pro uchun qo‘shimcha ekranli g‘ilof taqdim etildi

Dockcase kompaniyasi iPhone 17 Pro modeli uchun orqa tomonida qo‘shimcha displey va microSD slotiga ega bo‘lgan Selfix Case g‘ilofini namoyish etdi. Aksessuar yaqin vaqt ichida Kickstarter platformasi orqali ommaga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Selfix Case smartfonga USB-C porti orqali ulanadi va quvvatni bevosita iPhone qurilmasidan oladi. G‘ilofning orqa qismiga 1,6 dyuymli AMOLED displey o‘rnatilgan bo‘lib, u foydalanuvchilarga asosiy kamera yordamida yuqori sifatli selfilar olish imkonini beradi. Orqa ekran g‘ilofning yon tomonidagi maxsus tugma orqali yoqiladi va o‘chiriladi.

Aksessuarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri uning ichki qismida 2 terabaytgacha bo‘lgan microSD kartalari uchun slot mavjudligidir. Bu yechim iPhone foydalanuvchilariga xotira hajmini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.
Kompaniya mazkur loyihani 2026-yil boshida Kickstarter platformasida ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Selfix Case aksessuarining chakana narxi $99 atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Loyihani dastlabki bosqichda qo‘llab-quvvatlagan xaridorlar uchun maxsus chegirmalar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iPhone chiplarini Hindistonda ishlab chiqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.