Gadjetlar

OnePlus Pad Go 2 plansheti taqdim etildi

Yangi planshet MediaTek Dimensity 7300-Ultra protsessori asosida ishlaydi
Foto: OnePlus

OnePlus kompaniyasi global bozorda OnePlus 15R smartfoni bilan bir qatorda OnePlus Pad Go 2 nomli yangi o‘rta narx toifasidagi planshetni ham taqdim etdi.

Qurilmaning rasmiy narxi 350 yevro etib belgilangan bo‘lib, dastlabki davrda uni 300 yevroga xarid qilish mumkin. Yangi planshet MediaTek Dimensity 7300-Ultra protsessori asosida ishlaydi. Xotira konfiguratsiyalari sifatida 8/128 GB va 8/256 GB variantlari taklif etiladi.

OnePlus Pad Go 2 12,1 dyuymli IPS displey bilan jihozlangan. Ekran 2800×1980 piksel aniqlikka ega bo‘lib, 7:5 tomonlar nisbatida ishlaydi. Displey 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi, maksimal yorqinligi esa 900 nitni tashkil qiladi.

Planshetning asosiy ustunliklaridan biri – 10 050 mA/soat sig‘imli batareya bo‘lib, u 33 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma o‘lchamlari 266×193×6,8 mm, og‘irligi esa qariyb 600 grammni tashkil etadi.

Shuningdek, OnePlus Pad Go 2’da stilus qo‘llab-quvvatlovi, to‘rtta dinamik, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.4, OxygenOS 16 operatsion tizimi hamda 8 megapikselli kamera mavjud.

Yangi model katta ekran, kuchli batareya va zamonaviy funksiyalarni nisbatan arzon narxda taklif qiluvchi planshet sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OnePlus 15R smartfoni haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etilgani haqida yozgan edi.