
2029-yildan boshlab «Oskar» mukofotini topshirish marosimi butun dunyo bo‘ylab YouTube platformasida bepul efirga uzatiladi. Bu bo‘yicha Amerika Kino san’ati va fanlari akademiyasi va YouTube ko‘p yillik hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
Kelishuv shartlariga asosan, YouTube 2033-yilgacha marosimni namoyish etish bo‘yicha eksklyuziv global huquqlarga ega bo‘ladi. 2026, 2027 va 2028-yillardagi marosimlar esa AQSh hududida avvalgidek ABC telekanali orqali translyatsiya qilinadi.
Yangi format tomoshabinlarga nafaqat asosiy marosimni, balki qizil gilamdan jonli reportajlar, sahna ortidagi lavhalar hamda Gubernatorlar bali – mukofot topshirish munosabati bilan o‘tkaziladigan yopiq tadbirni ham tomosha qilish imkonini beradi. AQShdagi YouTube TV obunachilari ham ushbu kontentdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Kinoakademiya rahbariyati YouTube’ga o‘tish orqali «Oskar»ni kengroq auditoriya uchun ochiqroq qilishni maqsad qilgan. Xususan, bir nechta tillardagi subtitrlar va ovoz yo‘laklari orqali marosim global onlayn tomoshabinlar uchun yanada qulay bo‘ladi.
Shuningdek, YouTube translyatsiya huquqlari uchun to‘qqiz xonali miqdordan ortiq mablag‘ to‘lagan. Disney/ABC va NBCUniversal sakkiz xonali takliflar bilan cheklangan, Netflix ham muzokaralarda qatnashgan, biroq uning shartlari oshkor etilmagan.
Ma’lumot uchun, mart oyida bo‘lib o‘tgan 97-«Oskar» marosimi so‘nggi besh yildagi eng yuqori tomoshabinlar sonini qayd etdi. Translyatsiyani 19,69 million kishi tomosha qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda esa 104,2 milliondan ortiq eslatma qayd etilib, Gremmi va Superkubok ko‘rsatkichlaridan ham yuqori natija qayd etilgan. Marosimni olib borgan Konan O’Brayen 2026-yilda ham boshlovchi sifatida taklif etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tom Kruz «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgani haqida yozgandi.