O‘tkir Yusupov yana eski jamoasiga qaytdi

18-dekabr 2025 14:44 eʼlon qilindi

Asadbek Komilov

Asadbek Komilov


Foto: «Navbahor» futbol klubi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov o‘zining oldin to‘p surgan «lochinlar» jamoasi – «Navbahor» futbol klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Yusupov Avstriyaning Insbruk shahrida jarohatidan davolanayotgan edi. Oktabr oyining o‘rtalarida jarrohlik amaliyotini ham boshidan kechirgandi. O‘FA tomonidan futbolchining jarrohlik amaliyoti uchun mazkur yo‘nalishda katta tajriba ega bo‘lgan jarroh, xususan, Sadio Mane, Federiko Keza, Lyuka Ernandes, Leroy Sane, David Alaba singari futbolchilar bilan ishlagan tajribali mutaxassis Fink Kristian jalb etilgandi. Futbolchi davolanish olib borilgan klinikadan chiqqach reabilitatsiya jarayonini «Armonia» nomli maxsus tibbiy markazda davom ettirdi.

O‘tkir Yusupov 1991-yil 4-yanvarda Qozog‘istonning Sayram shahrida tug‘ilgan. Bolaligida oilasi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Faoliyati davomida «Mash’al», «Nasaf», «Neftchi», «Qo‘qon – 1912», «Navbahor» hamda Eronning «Fulad» jamoasida o‘ynagan. Shuningdek, 2018-yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozasini qo‘riqlab, terma jamoaning JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Yusupov O‘zbekiston va Eron milliy terma jamoalari o‘rtasidagi CAFA Nations Cup-2025 final uchrashuvida jarohat olib, maydonni tark etgandi. Ushbu jarohat tufayli darvozabon Eronga ketmagan va davolanish uchun O‘zbekistonda qolgan edi. U 1,5 yillik tanaffusdan so‘ng, yana «Navbahor»ga qaytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShning Vashington shahrida futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unda O‘zgekistonga «K» guruhida qaysi davlatlar raqiblik qilishi aniq bo‘lgandi.

Shuningdek