O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi

Hukumat qaroriga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi institut nazariy fizika yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ma’rifiy faoliyatni amalga oshiradi. Xususan, kvant maydon nazariyasi, subatom fizika, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar hamda dinamik tizimlar muammolari bo‘yicha ilmiy anjumanlar tashkil etish institutning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, institut oliy ta’lim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashda ko‘maklashadi. Bundan tashqari, fizika sohasi rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash ham institut faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Institutga boshqa ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar va o‘quv muassasalari, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shartnomalar tuzish huquqi berildi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan axborotlar, statistik va tahliliy ma’lumotlarni davlat organlari hamda tashkilotlaridan so‘rash va bepul olish imkoniyati yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kiberhuquq» va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari ochilishi haqida xabar bergan edik.