
O‘zbekistonda 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi va harakatlar rejasi tasdiqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Strategiya zo‘ravonlikning barcha shakllarini qamrab oladi va eng yaxshi jahon tajribasiga tayangan. Hujjat zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, tezkor javob choralarini ko‘rish, profilaktika va monitoringni o‘z ichiga oladi.
2026-yildan boshlab professional mutaxassislar oilalar bilan ishlaydi. Bolalar psixologlar va huquqshunoslar yordamini oladi, oilalar esa zarur ko‘mak va terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilani qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Strategiya doirasida jabrlangan bolalarga oilaviy muhitga yaqin sharoitda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, reabilitatsiya va ijobiy ota-onalikni rivojlantirish choralari nazarda tutilgan. Shuningdek, «Mehrli oila» xizmati va professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti joriy qilinadi hamda kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.
Zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalar dastlabki tergov harakatlaridan boshlab bepul yuridik yordamga ega bo‘ladi. Tergov va sud jarayonlarida bolaning manfaatlarini himoya qilish maqsadida ijtimoiy xodim protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilinadi. Bolaning ko‘rsatmalari videoyozuvga olinadi.
Strategiya deviant va antisotsial xulq-atvorga ega bolalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratadi. Ilgari yopilgan o‘quv-tarbiyaviy muassasalarning o‘rniga ijtimoiy integratsiya va qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari soni 258 taga yetkazilib, sifatli ta’lim olish imkoniyati ta’minlanadi.
Tezkor javob choralarini kuchaytirish va axborot almashuvini samarali tashkil etish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar axborot tizimlarini integratsiya qiladi. Maktabgacha ta’limdan tortib kollejlargacha «xavfsiz maktab» konsepsiyasi joriy etiladi, bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ijtimoiy reyestr joriy etilishi haqida xabar bergan edik.