O‘zbekistonda ijtimoiy reyestr joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish hamda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kambag‘al va kambag‘allikka tushish xavfi bo‘lgan oilalarni aniqlash hamda ularga ko‘rsatiladigan yordamlarni yagona tizim asosida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri doirasida 1,8 mln oilaning holati baholanib, 739 ming oila reyestrga kiritildi va ularga nafaqa hamda moddiy yordamlar tayinlandi.
Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri asosida Ijtimoiy reyestr yuritilishi belgilandi. Unda oilalar davlat ta’minotidagi, kambag‘al va kambag‘allik chegarasidagi toifalarga ajratilib, har biriga mos yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari daromad va bandlik imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Imkoniyati cheklangan ayrim oilalarga bandlik talab etilmagan holda ijtimoiy yordamlar beriladi. «Mahalla yettiligi»ga mehnat qilish imkoniyati cheklangan va og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish huquqi beriladi. Reyestrga kiritilgan oilalar uchun bandlik, sog‘liqni saqlash va uy-joy yo‘nalishlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish maqsadida 2026 – 2027-yillarda 20 ta hududiy ijtimoiy xizmatlar markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Markazlarda parvarish, abilitatsiya, reabilitatsiya va ta’lim bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatiladi. Xizmatlardan foydalanish jarayonlari raqamlashtiriladi.
Shuningdek, 2026 – 2030-yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi taqdim etildi. Strategiya zo‘ravonlikning oldini olish, xavf ostidagi bolalarni erta aniqlash va ularga ijtimoiy, psixologik hamda huquqiy xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutadi. Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yagona elektron hisob va monitoring tizimi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Konstitutsiyaviy sud faoliyatini samaradorligi masalalariga oid taqdimot bilan tanishgan edi.