Prezident o‘quvchiga o‘zi telefonini sovg‘a qildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov metrlab qalinlikdagi qor uyumlari orasidan maktabga qatnaydigan bola bilan uchrashib, unga o‘zining telefonini berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari 17-dekabr kuni O‘sh viloyatining Qora-Kulja tumani Koo-Chaty qishlog‘ida joylashgan «Aydin-Kol» boshlang‘ich maktabining to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Nurzaman Almazbekovni qabul qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 4-sinf o‘quvchisi qariyb bir metrlik qorga qaramay, qiynalib bo‘lsa-da, qat’iyat bilan maktabga ketayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Prezident Sadir Japarov ham ushbu videoni ko‘rib, bolakayning murakkab sharoitda bilim olishga bo‘lgan intilishini yuqori baholagan.
U Nurzamanni prezident archasiga taklif qildi va unga sovg‘alar topshirdi. Shuningdek, prezident o‘quvchiga o‘z iPhone telefonini ham sovg‘a qildi.
Qirg‘iziston rahbari ushbu bolakayni ko‘rib, o‘z bolaligini eslaganini aytdi. Chunki, uning aytishicha, u ham Ken-Suu qishlog‘ida bolaligida maktabga borish uchun qor ichidan yurishga to‘g‘ri kelganini esladi.
Uchrashuv yakunida prezident Sadir Japarov Nurzamanga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston zarur bo‘lganda butun tashqi qarzini bir kunda to‘lashga qodirligini aytgandi. Qirg‘izistonning tashqi qarzi O‘zbekistonnikidan taxminan 88 foizga kam.