Rossiyadagi 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jazo bekor qilindi

Rossiyaning «Iqtisod oily maktabi» milliy tadqiqot universitetida tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy choralar bekor qilindi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati xabar berdi.
Muammo joriy yilning oktabr oyida O‘zbekiston Ombudsmanining Rossiyaga tashrifi davomida o‘tkazilgan sayyor qabulda ma’lum bo‘lgan. Universitet ma’muriyati talabalarning migratsiya hisobiga turish muddatini uzaytirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagan. Buning oqibatida talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq noqonuniy qolib ketgan deb hisoblanib, ularga 40 ming rubl miqdorida jarima solish talab qilingan edi.

Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va Ichki ishlar vazirligi migratsiya xizmati hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng, talabalarning yashash muddatini uzaytirish haqida qaror qabul qilindi. Hududiy organlarga talabalarni ma’muriy tarzda mamlakatdan chiqarib yubormaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mazkur tadbir natijasida nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova va Belarusdan kelib tahsil olayotgan 200 dan ortiq talabaning ham muammolari hal etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyadagi maktabda tojikistonlik 10 yoshli bola o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi.