Rossiyadagi maktabda tojikistonlik 10 yoshli bola o‘ldirildi

eʼlon qilindi
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu jinoyat millatga nisbatan nafrat asosida sodir etilganini ta’kidladi
Foto: Vitaly Smolnikov/TASS/picture alliance

Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan maktabda tojikistonlik 10 yoshli o‘quvchining o‘ldirilishi ortidan Tojikiston rasmiylari keskin bayonot bilan chiqdi. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu jinoyat millatga nisbatan nafrat asosida sodir etilganini ta’kidlab, Rossiyaning Dushanbedagi elchisini vazirlikka chaqirtirdi.

Tojikiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, Moskva viloyatining Gorki-2 posyolkasidagi Uspenskiy o‘rta maktabida 4-sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev pichoq bilan o‘ldirilgan. Vazirlik hodisani qat’iyan qoralab, Rossiya tomonidan voqeani tezkor, xolis va to‘liq tergov qilish, aybdorlarni esa qonun doirasida javobgarlikka tortishni talab qilgan.

Shuningdek, bayonotda Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasiga marhum bolaning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lish va ishni nazoratga olish topshirilgani ham qayd etilgan.

Qotillik tafsilotlari

Hodisa 16-dekabr kuni sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktabga pichoq olib kelgan 15 yoshli 9-sinf o‘quvchisi sinfma-sinf yurib, muayyan o‘qituvchini qidirgan. Ayrim videoyozuvlarda u bolalar va o‘qituvchilardan qaysi millatga mansubligini so‘ragani, pichoq bilan tahdid qilgani aks etgan.

Maktab qo‘riqchisi o‘smirni to‘xtatishga uringan, biroq u avval kimyoviy suyuqlik sepib, so‘ng pichoq bilan jarohat yetkazgan. Qo‘riqchi shifoxonaga yotqizilgan.

O‘qituvchi boshqa o‘quvchilarni yashirishga ulgurgan, biroq Qobiljon Aliyev qochib qutula olmagan. O‘smir uni quvib yetib, bir necha marta pichoq bilan zarba bergan. Bola olgan og‘ir jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Mahalliy OAV marhum bolaning onasi ayni shu maktabda farrosh bo‘lib ishlaganini yozmoqda.

Tergov va gumonlanuvchi

Rossiya Tergov qo‘mitasi maktabga hujum qilish holati bo‘yicha tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Foto: TASS

Telegram kanallarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smir hujumga bir necha kun tayyorgarlik ko‘rgan, ekstremistik mazmundagi manifest yozgan va unda odamlarni millat hamda dinga ajratish g‘oyalari ilgari surilgan. Shuningdek, uning kiyimlari va atributlarida radikal va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi shiorlar bo‘lgani aytilmoqda.

Tojikiston tomoni ushbu jinoyat nafaqat alohida fojia, balki millatlararo adovat alomatlari bilan kechganini ta’kidlab, ishning ochiq va adolatli ko‘rib chiqilishiga umid bildirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sidneydagi qonli hujum ijrochilari IShID g‘oyasidan ilhomlangani haqida yozgandi.

Shuningdek