Saloni «konsert zaliga» aylanadigan 7 ta avtomobil e’lon qilindi

SpeedmeRu nashri salon ichida musiqa deyarli studiya darajasida yangraydigan yetti model reytingini e’lon qildi. Bu haqda Tarantas News xabar berdi.

Dastlab, Volvo EX90 krossoveri 25 karnayli Bowers & Wilkins tizimi va Abbey Road Studios rejimi bilan ajralib turadi. Ushbu sozlama musiqa tinglash jarayonini avtomobil salonidan ko‘ra, professional ovoz yozish studiyasiga yaqinlashtiradi.
Mercedes-Maybach S 680 modeli 30 karnayli Burmester audio tizimi va faol shovqin bostirish texnologiyasi bilan yo‘l tovushlarini deyarli yo‘q qiladi. Natijada musiqadagi eng nozik detallar ham aniq eshitiladi.

Lincoln Aviator Black Label’da o‘rnatilgan 28 karnayli Revel Ultima tizimi ovozni yo‘lovchilar atrofida aylantirib, hajmli va chuqur sahna hosil qiladi. Karnaylarning bir qismi tom qismiga joylashtirilgani bu effektni yanada kuchaytiradi.
Range Rover Autobiography 29 karnayli Meridian Signature tizimi orqali balandlik emas, balki aniqlik va chuqurlikka urg‘u beradi. Murakkab musiqiy aranjirovkalardagi qatlamlar aniq farqlanadi.
Jeep Wagoneer’dagi 19 karnayli McIntosh tizimi kuchli va to‘yingan ovoz bilan, ayniqsa rok janridagi musiqalar uchun mos keladi.

Eng texnologik variantlardan biri – Cadillac Celestiq. 38 karnayli AKG Studio Reference tizimi har bir o‘rindiqda bir xil sifatli ovoz taqdim etishni maqsad qilgan va studiyaga yaqin darajani ko‘zlaydi.
BMW 7-Series esa 36 karnayli Diamond Surround Sound tizimi bilan turli ovoz profillarini taklif etadi. Konsert muhiti, kinozalga xos effektlar yoki muvozanatli studiyaviy sozlamalar orasidan tanlash mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShdagi eski ombordan Chevrolet’ning 1957-yilgi afsonasi topilgani haqida yozgandi.