Jamiyat

Samarqandda qarzdorning 6,2 mlrd so‘mlik mehmonxonasi sotuvga qo‘yildi

Kredit shartlari bajarilmagani ortidan 4,6 mlrd so‘mlik qarzdorlik kelib chiqqan
Foto: Majburiy ijro byurosi

Samarqand shahrida qarzdorning 6,2 mlrd so‘mlik mehmonxonasi savdoga chiqarildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Jaloliddin Sherboyev Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Milliybank» AJ tomonidan Samarqand shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida kredit ajratilgan. Biroq korxona kredit shartlarini bajarmagani sababli 4 mlrd 650 mln so‘m miqdorida muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelgan.

Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2025-yil 12-martdagi ijro varaqasiga ko‘ra, qarzdorlikni undirish garovga qo‘yilgan korxona binosiga qaratilgan. Shunga qaramasdan korxona rahbari tegishli choralarni ko‘rmagan.

Majburiy ijro byurosi inspektorlari korxona rahbariyatini bir necha bor ogohlantirib, mol-mulkka taqiq qo‘ygan. Qarz to‘lanmagani sababli garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk – korxona binosi 6 milliard 250 million so‘mga baholanib, onlayn auksionda sotishga chiqarildi.

Avvalroq Kursiv Dubayda dunyodagi eng baland mehmonxona – Ciel Dubai Marina ochilgani haqida xabar bergandi.