2026-yil uchun “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi

eʼlon qilindi
Ushbu qonunda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolgan
O‘zbekistonda chet elliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi
Foto: ijtimoiy tarmoq

Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida «Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama etildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu qonunga ko‘ra, kelayotgan yangi yilda ham soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari – qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (budjet tashkilotlari uchun 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qolmoqda.

Shuningdek, qonunda Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Foto: Senat

Senatga ko‘ra, bu qonun mebelsozlik va zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarning eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ham yo‘naltirilgan.

«Qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda», — deyilgan xabarda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kungacha kechiktirgan taqdirda ma’muriy jarima qo‘llanmasligi belgilanmoqda.

Bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etiladi. Qonun xalq deputatlari mahalliy kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda lazerli tekislash lozim bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini ham beradi.

Davlat budjetining har bir taqsimlanish jarayonlari mahalliy kengash sessiyalari va Senatning qo‘mita majlislarida batafsil muhokama qilindi. Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, yangi yilda davlat budjeti xarajatlari 41 trln so‘mga oshiriladi. Yalpi majlis so‘nggida 2026-yil uchun «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev «Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekkandi. Unga ko‘ra, eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga ikki milliard so‘m beriladi.

Shuningdek, Kursiv 2025-yilning yanvar – oktabr oylarida savdo sohasida faoliyat yuritgan yirik soliq to‘lovchilar qaysi tashkilotlar ekani haqida yozgandi.

Shuningdek