Hududlarda bir qator advokatlar pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida uch nafar advokatning noqonuniy harakatlari aniqlanib, ularga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokat Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi yurituvidagi jinoyat ishining ayblanuvchisidan $10 ming talab qilgan. Advokat $5 mingni olgan vaqtida ushlangan. U sud tizimidagi tanishlari orqali 135-modda bo‘yicha jazoni o‘zgartirishda yordam berishni va’da qilgan.
Shuningdek, Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishining ayblanuvchisidan $4 ming olgan va sud idoralaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilinmaydigan jazo tayinlanishida yordam berishga uringan.
Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokat Oqoltin tumanidagi MChJ rahbaridan $1,5 mingni olgan vaqtida ushlangan. U rahbardan 450 mln so‘mlik dori vositalarini olib, pulini bermayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni va’da qilgan. Bunda advokat huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi tanishlariga tayangan.
Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Toshkent tumanidagi dorixona omborlarida yaroqlilik muddati o‘tgan dorilarni aniqlagan edi.