Toshkent tumanidagi dorixona omborlarida yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar aniqlandi

Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi dorixona omborida tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruv natijasida jami 1209 turdagi, umumiy qiymati 38 mlrd so‘mlik dorilar mavjudligi aniqlangan. Shulardan taxminan 20 mlrd so‘mlik dorilar GDP sertifikatiga ega emas va Farmatsevtika agentligi Sertifikatlash organidan litsenziya olinmagan holda saqlanmoqda.
Omborda 30 turdagi, qiymati salkam 264 mlnlik 10509 quti dorilarning yaroqlilik muddati o‘tgan, 3 turdagi 639 quti dorilar va 243 dona gel vositalarining yaroqlilik muddati qalbakilashtirilgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xulosasiga ko‘ra, dorixona mas’ul shaxslar dorilarni litsenziyada ko‘rsatilgan binodan tashqarida saqlagan. 10 turdagi dorilarda muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan. Shuningdek, 1 turdagi dori kontrafakt, 9 turdagi dorilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va 20 turdagi yaroqlilik muddati tugagan dorilar yo‘q qilinmay saqlanmoqda.
Hozirda dorixona mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186³-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng ko‘p qo‘llaniluvchi rеtsеptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati e’lon qilingan edi.