Warner Bros. Discovery kompaniyasiga talabgorlar oshmoqda

Warner Bros. Discovery hujjatlarda kompaniyani sotib olishga qiziqish bildirgan yana bir nomi oshkor etilmagan media kompaniya taklif berganini tasdiqladi. Bu haqda Forbes ma’lum qildi. Shu tariqa sotib olish bo‘yicha taklif berganlar soni to‘rttaga yetdi. (Netflix, Paramount va Comcast bilan)
AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, Warner Bros. Discovery barcha biznes yoki uning ayrim qismlari bo‘yicha bir nechta takliflarni olgan. «Company A» faqatgina kinostudiyalar va striming yo‘nalishini sotib olishni taklif qilgan.
Noma’lum «Company C» esa kompaniyaning Global Networks bo‘limi, jumladan CNN, TNT, TBS kabi telekanallarni, shuningdek, kino va striming aktivlarining 20 foizini sotib olish bo‘yicha taklif bergan. Biroq Warner Bros. Discovery ushbu taklifni amalga oshirilmaydigan deb topgan va uni rad etgan.
Kompaniya noyabr oyining oxirida Netflix, Paramount va «Company A»ning dastlabki takliflarini ko‘rib chiqishni davom ettirishga qaror qilgan.
Bloomberg xabariga ko‘ra, oktabr oyida Amazon va Apple ham Warner Bros. Discovery’ni sotib olishga qiziqish bildirgan, biroq ular media kompaniya sifatida tasniflanmaydi. Bozordagi boshqa yirik media guruhlar ham ilgari Paramount’ni sotib olishga harakat qilgan edi. Jumladan, Skydance, Apollo Global Management, Sony va Allen Media Group turli takliflar bilan chiqqan.
Hozircha Warner Bros. Discovery va taklif bergan kompaniyalar muzokaralar haqida batafsil izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Netflix Warner Bros’ni 82,7 mlrd dollarga sotib olishi haqida yozgan edi.