Xitoyda yosh bola 320 ming dollarlik muzey eksponatini sindirib qo‘ydi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tojni restavratsiya qilish xarajatlari $56 mingga yetishi mumkinligini bildirmoqda
Foto: X Museum

Pekindagi X Museum’da namoyish etilayotgan qimmatbaho eksponatlardan biri sof oltindan yasalgan toj yosh bolaning ehtiyotsiz harakati oqibatida shikastlandi. Bu haqda Need to Know nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, buyumning bahosi $320 mingdan oshadi. Mazkur toj mashhur beauty-bloger Chjan Kayiga tegishli bo‘lib, uni blogerning turmush o‘rtog‘i rassom Chjan Yudun qo‘lda, sof oltindan yasagan. Taxminan ikki kilogramm vaznga ega toj Chjan Kayining to‘y kuni taqilgan va shundan so‘ng muzey ekspozitsiyasiga qo‘yilgan.

Voqea bolakay ekspozitsiyani tomosha qilayotgan paytda sodir bo‘lgan. U toj saqlanayotgan shisha boksga tegib yuborgan, natijada boks qulab tushib, eksponat sinib ketgan. Mutaxassislar tojni restavratsiya qilish xarajatlari $56 mingga yetishi mumkinligini bildirmoqda.

Pekindagi bir qator yuristlar bola voyaga yetmaganligi sababli moddiy javobgarlik masalasi uning ota-onasi yoki vasiylariga yuklanishi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, muzey vakili shisha boks yetarlicha mustahkam o‘rnatilmaganini tan olib, muassasaning ham qisman javobgarligi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Biroq Chjan Kayi hodisa yuzasidan bolakay yoki uning oilasidan hech qanday tovon talab qilmasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, toj sug‘urtalangan va hozirda unga faqat sug‘urta holati bo‘yicha qanday yo‘l tutish kerakligi yuzasidan maslahat zarur. Bloger uchun ushbu toj moddiy qiymatdan ham muhimroq bo‘lib, u turmush o‘rtog‘i tomonidan aynan to‘y uchun yaratilgani sababli beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Luvr muzeyi xodimlar ish tashlashi sabab yopilgani haqida yozgandi.

Shuningdek