Yandex sun’iy intellektga asoslangan quloqchinlarini namoyish etdi

Yandex kompaniyasi YaC loyihasi doirasida o‘zining ilk aqlli quloqchinlari Yandex Drops’ni taqdim etdi. Alisa AI bazasida ishlovchi ushbu qurilma foydalanuvchi savollariga javob berish, musiqani boshqarish va ovozli qaydlar yaratish imkonini beradi.

Yandex Drops quloqchinlarining asosiy xususiyati «Mening xotiram» funksiyasi bo‘lib, u orqali foydalanuvchi tasodifiy fikrlar, rejalar yoki muhim ma’lumotlarni eslab qolishni so‘rashi mumkin. Sun’iy intellekt barcha so‘rovlarni tizimlashtirilgan holda Alisa AI chatida saqlaydi. Foydalanuvchi ushbu qaydlarni ham quloqchinlar orqali tinglashi, ham smartfon yoki kompyuter ekranida ko‘rishi mumkin.
Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qurilma xuddi Yandex Stansiya kabi ovozli interfeys orqali musiqani boshqarish va turli ma’lumotlarni qidirish imkoniyatiga ega. Masalan, foydalanuvchi viza uchun hujjatlar ro‘yxatini yoki hamkasbi tavsiya qilgan film nomini yozib olishni buyurishi mumkin.

Yandex Drops 2026-yilning birinchi choragida sotuvga chiqishi rejalashtirilgan. Hozircha qurilmaning texnik xususiyatlari va narxi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar ochiqlanmagan. Eslatib o‘tamiz, kompaniya YaC 2025 taqdimotida SI-agentlar va Yandex Go xizmatidagi yangi imkoniyatlarni ham e’lon qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan taksi xizmatlari narxlari bir yilda 12 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.