2025-yilda Oʻzbekiston bozoriga kirgan va bozorni tark etgan xorijiy brendlar

2024-yilda poytaxtda Tashkent City Mall’ning ochilishi Oʻzbekiston bozoriga koʻplab xorijiy brendlarning kirishini tezlashtirgan edi. Ortda qolayotgan yilda esa bunday «katta toʻlqin» kuzatilmagan bo‘lsa-da, bir qator taniqli kompaniyalar keldi. O‘z navbatida, qator brendlar bozordan chiqib ketishga ham ulgurdi. Kursiv Uzbekistan 2025-yilda mamlakat bozoriga yangi kirgan va bozordan chiqib ketgan xorijiy brendlarga e’tibor qaratdi.
Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:
Oʻzbekiston bozoridan chiqqan yoki faoliyati cheklangan kompaniyalar
Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgan kompaniyalar
Oʻzbekiston bozoridan chiqqan yoki faoliyati cheklangan kompaniyalar
Yevroosiyo banki

27-avgust kuni Markaziy banki qarori bilan «Yevroosiyo banki» AJning litsenziyasi chaqirib olindi. Regulyator bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talabga moslashtirilmagani va bank faoliyati boʻyicha boshqa majburiy talablar bajarilmaganini bildirdi.
Qaror bilan birga, Yevroosiyo bankini majburiy tugatish va tugatish komissiyasini tayinlash ham belgilandi. Maʼlumot uchun, 2025-yil 1-yanvardan boshlab tijorat banklari ustav kapitali kamida 500 mlrd soʻm boʻlishi kerak. 2025-yil 1-avgust holatiga Yevroosiyo bankining kapitali esa 104 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bank faoliyati amalda ishga tushmagan. 2025-yil 1-avgust holatiga kredit va depozit portfeli nolga teng boʻlgan.
Yevroosiyo banki Qozogʻistondagi shu nomli bankning Oʻzbekistondagi filiali boʻlib, 2024-yil yanvar oyida litsenziya olgan edi. Asosiy bank 1994-yilda tashkil etilgan, bosh ofisi esa Olmaota shahrida joylashgan.
Magnum

2025-yilda Oʻzbekiston bozoridan chiqib ketgan yirik xorijiy riteyl «oʻyinchi»lardan biri Qozogʻistonning Magnum supermarketlar tarmogʻi boʻldi. Magnumʼning Toshkent shahrida jami 6 ta doʻkoni boʻlgan, shundan 5 tasi supermarket, bittasi gipermarket formatida ishlagan.
Magnum Oʻzbekiston bozoriga 2021-yil dekabrida kirgan edi. 2023-yil avgustida kompaniya Oʻzbekistondagi barcha Carrefour doʻkonlarini sotib oldi va 2024-yilda yana 10 ta yangi savdo nuqtasini ochishni reja qilgan edi. Biroq 2024-yil boshidan ushbu kengayish rejalaridan voz kechildi va savdo nuqtalarini yopish jarayoni boshlandi. Magnum Qozogʻistonda 2007-yilda tashkil etilgan va yirik supermarketlar tarmogʻi sifatida shakllangan.
Wizz Air

2025-yil sentabrdan Wizz Air Oʻzbekistonga parvozlarni toʻxtatadi. Bunga sabab kompaniyaning Abu Dabidagi qoʻshma korxonasini yopish haqidagi qarori boʻldi. Aviakompaniya bu qarorni operatsion muammolar, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat va talab pasayishi bilan izohladi.
Wizz Air 2022-yil dekabrda Samarqandga, 2023-yil yanvarda Toshkentga parvozlarni boshlagan edi. Kompaniya Vengriyada 2003-yilda tashkil etilgan va Markaziy hamda Sharqiy Yevropadagi eng yirik aviakompaniyalardan biri hisoblanadi.
Broniboy

Broniboy yetkazib berish xizmati Oʻzbekistondagi faoliyati rasman toʻxtatganini eʼlon qilgani yoʻq. Lekin servis amalda ishlamayapti: sayt faol emas, aloqa kanallari uzilgan, Toshkent xizmatlar roʻyxatidan chiqarilgan. Samarqand esa faqat nomigagina qolgan.
Broniboy 2022-yilda Oʻzbekistonga kirgan va dastlab xorijiy yetkazib berish xizmati sifatida eʼtibor qozongandi. Ammo 2025-yilga kelib bozorda keskin raqobat yuzaga keldi. Yirik platformalar ish boshladi, tezkor yetkazib berish va marketing «jangi» fonida Broniboy masshtablasha olmadi.
Ocean Basket

1-noyabrdan Ocean Basket Toshkentdagi restorani faoliyatini yakunladi. Kompaniya kelajakda qaytishi mumkinligini ham aytgan. Ocean Basket 1995-yilda Janubiy Afrikada tashkil etilgan va dengiz mahsulotlariga ixtisoslashgan xalqaro restoran tarmogʻi hisoblanadi.
Temu

2025-yil 20-martdan Oʻzbekistonda Xitoyning Temu elektron savdo platformasi faoliyatiga cheklab qoʻyildi. Qaror Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan elektron tijorat bozorini tartibga solish doirasida qabul qilindi.
Regulyatorga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekistonda elektron savdo platformalari operatorlari faqat Oʻzbekiston rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar sifatida ishlashi kerak. Oʻrganishlar jarayonida Temu elektron tijorat, soliq, reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy qonunchilik talablariga toʻliq mos kelmagani aniqlangan.
Shu sababli 20-martdan Temuʼdan foydalanish belgilangan tartibda cheklab qoʻyildi. ILMA fuqarolardan 4-martdan boshlab platformada yangi buyurtmalar bermaslikni soʻradi.
Temu 2024-yil oxirida Oʻzbekistondagi eng ommabop ilovalardan biriga aylandi, App Store va Google Playʼda yetakchi oʻrinlarni egallagan. Platformaning past narxlarga asoslangan modeli regulyatorlar tomonidan mahalliy biznes uchun nomutanosib raqobat sifatida baholandi.
Temu 2022-yilda ishga tushirilgan va PDD Holdingsʼga tegishli global marketpleys hisoblanadi.
Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgan kompaniyalar
Burger King

16-dekabr kuni Burger King Oʻzbekiston bozoriga rasman kirdi. Brendning Toshkentdagi ilk filiali «Beruniy» metro bekati yaqinida, talabalar shaharchasi hududida ish boshladi.
Kompaniya Tashkent City Mall va Seul Mun hududlarida ham filiallar ochishni rejalashtirmoqda. 2026-yilda Oʻzbekistonda 10 ta yangi joy ishga tushirilishi va tarmoq poytaxtdan tashqariga chiqishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekistondagi franchayzing hamkor Holten kompaniyalar guruhi hisoblanadi. Ushbu xolding Baraka supermarketlar tarmogʻi va Pepsi ichimliklari ishlab chiqarish zavodiga egalik qiladi. Burger King 1950-yillarda AQShda shakllangan va hozir dunyo boʻylab taxminan 19 mingta nuqtaga ega yirik tarmoq sifatida koʻrsatiladi.
LPP Group: Sinsay

2025-yilda Polshaning LPP Group kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga Sinsay kiyim-kechak brendi orqali kirishini eʼlon qildi. Birinchi doʻkonlar Toshkentda ochildi. Keyingi yillarda Buxoro, Samarqand va Andijonda ham savdo nuqtalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Kompaniya respublika boʻylab 20 tagacha Sinsay doʻkonini ochishni maqsad qilgan. Brend arzon segmentga yoʻnaltirilgani bilan ajralib turadi va yoshlar hamda oilaviy xaridorlar auditoriyasiga moʻljallangan.
LPP Group 1991-yilda Polshada tashkil etilgan boʻlib, Reserved, Sinsay, House, Cropp va Mohito brendlariga egalik qiladi. Kompaniya 40 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.
Yandex Go Market

Aprel oyida Yandex Uzbekistan mamlakatda oʻzining Yandex Go Market elektron savdo platformasini ishga tushirdi. Xizmat Yandex Go ilovasi orqali ishlaydi.
Yandex Go Market orqali elektronika, maishiy texnika, uy-roʻzgʻor va taʼmirlash buyumlari, kiyim-kechak, poyabzal hamda goʻzallik mahsulotlarini xarid qilish mumkin. Kompaniya platformani mahalliy elektron tijorat bozorida xizmat tezligi va ekotizim integratsiyasi orqali rivojlantirishni maqsad qilgan.
Binance

2025-yil boshida Oʻzbekistonda Coinpay va Binance qoʻshma platformasi rasman ish boshladi. Endi foydalanuvchilar kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni milliy valyutada, bank kartalari va mahalliy toʻlov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniga ega.
Avvalroq 2022-yilda Binance va boshqa xalqaro kriptobirjalar saytlariga Oʻzbekistonda kirish cheklangandi. 2024-yilda esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi platformani litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun jarimaga tortdi. Sud jarayonlari yakunida regulyator foydasiga qaror qabul qilindi va Binance belgilangan jarimani toʻliq toʻladi.
Barcha huquqiy talablar bajarilgach, Binance 2025-yil 15-yanvarda Oʻzbekistonda ishlash uchun ruxsat oldi va 28-yanvardan Coinpay orqali qonuniy faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bu model kripto bozorida regulyatsiyaga moslashish orqali qayta kirishning namunasi sifatida baholanmoqda.
Sea Breeze Uzbekistan

2025-yil 4-avgustda Sea Breeze Uzbekistan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida qoʻshma korxona sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Kompaniyaga Agalarov Development va Ulug‘bek Mahmudovga teng ulushlarda egalik qiladi.
Loyiha Ozarbayjonda Sea Breeze Resort bilan tanilgan xalqaro kurort konsepsiyasiga asoslanadi. Sea Breeze Uzbekistan 2024-yil dekabrda Chorvoq suv ombori boʻyida xalqaro turizm markazi sifatida taqdim etilgan edi.
2025-yil aprelida loyiha rejasi prezidentga taqdim qilindi. Majmua 10 ta kichik hududdan iborat boʻlib, bosqichma-bosqich qurilishi rejalashtirilgan. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan imzolangan kelishuvga koʻra, loyiha qiymati $5 mlrdni tashkil etadi.
Geely Auto

Geely Auto Uzbekistan rasmiy distribyutor sifatida Tashkent International Auto Show 2025 (TIAS 2025) doirasida ilk bor ishtirok etdi. Tadbirda kompaniya Geely EX5 krossoverini elektr va gibrid versiyalarda taqdim etdi. Bu Geelyʼning Oʻzbekiston bozoriga rasmiy kirishini anglatadi.
Geely guruhi 1986-yilda tashkil etilgan boʻlib, avtomobil ishlab chiqarish yoʻnalishiga 1990-yillarning oxirida kirgan. Bugungi kunda Geely Xitoyning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi va oʻnlab mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Brend elektr va gibrid texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi.
Li Auto

Oktabr oyida Xitoyning premium avtomobil ishlab chiqaruvchisi Li Auto Oʻzbekiston bozoriga rasman kirdi. Toshkentda Control Auto bilan hamkorlikda ilk rasmiy dilerlik markazi ochildi. Unda Li L6, L7, L9 gibrid SUVʼlari hamda toʻliq elektrli Li i8 modeli namoyish etildi.
2025-yil noyabrda avtomobillari uchun OTTS-sertifikat oldi. Kompaniya faqat rasmiy vakillar orqali ishlashini bildirib, firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi.
Citigroup

Joriy yilning iyul oyida Citigroup’ning Turkiyada ro‘yxatdan o‘tgan Citibank AS bo‘limi Toshkentda rasmiy vakolatxona ochdi. Akkreditatsiya hujjati esa 2028-yil 9-iyulgacha amal qiladi.
Citigroup global bank guruhi bo‘lib, 1812-yilda AQShda tashkil topgan. Kompaniya 180 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. O‘zbekistondagi vakolatxona korporativ mijozlarga investitsiyalar, obligatsiyalar chiqarish va xalqaro hisob-kitoblar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatadi.
Wallet

Dekabr oyida Telegram’ga integratsiya qilingan Wallet kripto-hamyoni O‘zbekistonda rasmiy faoliyat boshladi. Foydalanuvchilar ilovadan chiqmasdan Bitcoin, Toncoin, USDT va yana 200 dan ortiq tokenlarni sotish-sotib olishlari mumkin.
Wallet The Open Network (TON) texnologik platformasi asosida ishlaydi. TON 2020-yilda Telegram Open Network loyihasi asosida shakllangan, 2023-yilda esa Telegram bilan hamkorlik kelishuvi imzolangan. Bugungi kunda Wallet dunyo bo‘ylab 150 mln dan ortiq foydalanuvchiga ega.
O‘zbekistonda xizmat ILMA litsenziyasi bilan ishlamoqda va mahalliy to‘lov tizimlari (Humo, Visa, Mastercard) orqali to‘lovlarni qo‘llaydi.
Yobidoyobi

Rossiyaning sushi va rollar yetkazib berish tarmog‘i Yobidoyobi 2025-yil mart oyida Toshkentda birinchi servis nuqtasini ochdi.
Brend 2016-yilda tashkil etilgan va dark-kitchen modeli asosida ishlaydi: tayyor mahsulot faqat yetkazib berish va olib ketish xizmatlari orqali realizatsiya qilinadi. Kompaniya keyinchalik o‘tirib xizmat qilish formatidagi restoranlarni ham ochishni ko‘rib chiqmoqda.
Krispy Kreme

Amerikaning Krispy Kreme brendi 2025-yilning noyabr oyida O‘zbekiston bozoriga kirib keldi. Birinchi savdo nuqtasi Alfraganus savdo markazida ochildi, franchayzing huquqi Food Town Logistics-Group’ga tegishli.
Krispy Kreme 1937-yilda AQShning Shimoliy Karolinasi shtatida tashkil etilgan. Kompaniya issiq holda tortiladigan donutlari bilan tanilgan va dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida do‘konlariga ega.
O‘zbekiston bozoriga kirish QSR va nonvoylik segmentining kuchayib borayotgan fonida amalga oshmoqda. Brend mahalliy yetkazib berish, logistika va savdo infratuzilmasi orqali tarmoqni bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2024-yilda Oʻzbekiston bozoriga qaysi xorijiy brendlar kirib kelgani haqida material tayyorlagan edi.