AQSh Braun universitetidagi voqea ortidan Green Card dasturini to‘xtatdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan diversity visa (DV) — Green Card lotereyasi dasturi to‘xtatildi. Bu haqda AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qaror Braun universiteti va Massachusets texnologiya instituti bilan bog‘liq otishma gumondori AQShga aynan shu dastur orqali kirgani ortidan qabul qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor Klaudio Manuel Neves Valente 2017-yilda diversity visa (DV1) dasturi orqali AQShga kirgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 2017-yilda ham ushbu dasturga qarshi chiqqan edi. O‘sha yili Nyu-Yorkda yuk mashinasi bilan uyushtirilgan hujumda sakkiz kishi halok bo‘lgan. Undagi aybdor shaxs ham aynan Green Card orqali AQShga kirgan.
«Prezident Trampning ko‘rsatmasiga binoan, men zudlik bilan AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS)ga DV1 dasturini to‘xtatishni buyuraman, toki bu halokatli dasturdan boshqa amerikaliklar zarar ko‘rmasin», – deydi Noem.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Gumonlanuvchi avtomobil raqamlarini almashtirish orqali yashirinishga uringan, biroq ijaraga olingan transport vositasi orqali uning shaxsi va manzili aniqlangan. U o‘lik holda topilgan omborxonadan ikkita o‘qotar qurol va jinoyat joyidagi dalillarga aynan mos keluvchi ashyolar topilgan.