AQShda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘z joniga qasd qildi

eʼlon qilindi
U Massachusets texnologiya instituti professori Nuno Loureironing o‘limiga ham aloqador deb ko‘rilmoqda
Braun universitetidagi otishmada halok bo‘lgan o‘zbekistonlik neyrojarroh bo‘lishni orzu qilgan
MuhammadAziz Umurzoqov / Foto: GoFundMe

AQShning Braun universitetida ikki kishini o‘ldirish va to‘qqiz kishini yaralashda gumon qilingan Klaudio Neves Valente Nyu-Xempshir shtatidagi omborxonada o‘lik holda topildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Huquqni muhofaza qilish organlari Valenteni qidirishda guvohlarning ko‘rsatmalari va kuzatuv kameralaridan keng foydalanishdi. Gumonlanuvchi avtomobil raqamlarini almashtirish orqali yashirinishga uringan, biroq ijaraga olingan transport vositasi orqali uning shaxsi va manzili aniqlangan. U o‘lik holda topilgan omborxonadan ikkita o‘qotar qurol va jinoyat joyidagi dalillarga aynan mos keluvchi ashyolar topilgan.

Foto: The Guardian

Otishmada halok bo‘lgan ikki nafar talabalardan biri Braun universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik MuhammadAziz Umurzoqov edi. Ma’lum qilinishicha, MuhammadAziz kelajakda malakali neyroxirurg bo‘lishni orzu qilgan. Ikkinchi qurbon Alabama shtatidan kelgan 19 yoshli Ella Kuk bo‘lib, u universitetning talabalar tashkilotida faoliyat yuritgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Klaudio Valente nafaqat Braundagi otishmaga, balki Massachusets texnologiya instituti professori Nuno Loureironing o‘limiga ham aloqador deb ko‘rilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, gumondor va professor avval Lissabondagi bir universitetda birga tahsil olishgan. Valente 2000-yillarning boshida Braun universitetida fizika bo‘yicha aspiranturada o‘qigan, biroq hozirda universitet bilan hech qanday rasmiy aloqaga ega bo‘lmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Braun universitetidagi otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek