
BYD Denza B5 yo‘ltanlamas gibrid SUV modeli Avstraliyada o‘tkazilgan ANCAP xavfsizlik sinovidan besh yulduz bahosini oldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu model Xitoy bozorida Fang Cheng Bao Bao 5 nomi bilan tanilgan. Bao 5 2023-yilda Xitoyda BYD’ning DMO platformasida ishlab chiqarilgan va off-road uchun moslashtirilgan kuzov-ramali avtomobil hisoblanadi. Uning o‘lchamlari 4890×1970×1920 mm, g‘ildirak bazasi esa 2800 mm. Gidravlik osma tufayli yer bilan klirens 310 mm gacha oshiriladi. Avtomobil 1,5 litrli dvigatel hamda ikkita elektr motor bilan 505 kVt (650 ot kuchi) umumiy quvvatga ega.

Denza B5 tashqi bozorlar uchun mo‘ljallangan va ayniqsa Avstraliya bozorida ustuvor model bo‘ladi. Shuning uchun ANCAP sinovi aynan shu bozorda amalga oshirildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, Denza B5 bolalar xavfsizligi bo‘yicha eng yuqori — 95 foiz baho oldi. Bunda frontal va yon to‘qnashuv testlarida himoya ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lgan. Salon to‘qnashuv paytida barqaror bo‘lgan, biroq avtomobilning old konstruksiyasi qarshi tomondagi transport vositasi yo‘lovchilari xavfsizligiga xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli jarima qo‘llanilgan.
Piyodalar va zaif yo‘l foydalanuvchilari himoyasi bo‘yicha sinovda 74 foiz natija qayd etildi. AEB tizimi ko‘pchilik ssenariylarda yaxshi ishlagan, biroq orqaga harakatlanishdagi avtomatik tormozlash ko‘rsatkichlari qoniqarli bo‘lmagan. Shuningdek, old oynaning ustunlari va kapot cheti piyoda boshini zarbadan himoya qilishda qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.
Xavfsizlikka ko‘makchi tizimlar bo‘yicha Denza B5 78 foiz ball oldi. ANCAP bahosidan so‘ng Avstraliya ushbu model sotilishi rejalashtirilgan ilk bozor bo‘ladi. Denza brendi model bilan 2026-yildan boshlab premium segmentdagi raqobatchilarni nishonga oladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD 2026-yil boshida BYD Seal 08 va Sealion 08 modellarini taqdim etishi haqida yozgan edi.