
19-dekabr kuni GAC Hyptec A800 nomli flagman EREV sedani oldindan buyurtma qilish uchun taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model Huawei bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, avtomagistralda L3 darajadagi avtopilot tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Avtomobil salonida 6536 mm uzunlikdagi atmosfera yoritgichlar o‘rnatilgani aytilmoqda. Bu ko‘rsatkich hozircha yo‘lovchi avtomobillari orasida eng uzun ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Hyptec A800 tashqi ko‘rinishda zamonaviy Xitoy elektromobillariga xos yopiq old panel, uzundan-uzoq LED chiziqli faralar, tomdagi lidar sensori va yashirin eshik tutqichlari bilan ajraladi. Aerodinamik qarshilik koeffitsienti 0,275 Cd. Korpus o‘lchamlari 5130×1966×1500 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 3020 mm. Old faralardagi 6068 mm uzun yorug‘lik chizig‘i korpus yon tomonlariga ham uzayadi. Uch tomonlama ochilib-yopiladigan faralar avtomobilning avtopilotda, oddiy haydashda yoki to‘xtash holatida ekanini tashqi tomondan ko‘rsatadi. Huawei’ning million pikselga ega proyeksiya faralari to‘qqiz xil yoritish usulini qo‘llab-quvvatlaydi.

Hyptec A800 Xitoyda 120 km/soat tezlikda L3 darajadagi avtomatlashtirilgan boshqaruv sinoviga ruxsat olgan birinchi avtomobil sifatida qayd etilgan. Avtomobil 34 sensor bilan jihozlangan bo‘lib, ularga 4D millimetr to‘lqinli radarlar, yuqori aniqlikdagi kameralar va qattiq holatli lidar kiradi. Huawei Qiankun ADS 4.0 Ultra tizimi magistral yo‘llarda avtopilot imkoniyatlarini ta’minlaydi.
EREV platformasi 1,5 litrli turbomotorni elektr yurish zaxirasini uzaytiruvchi qurilma sifatida ishlatadi. 35,027 kVt/soat sig‘imli temir-fosfat batareya WLTC bo‘yicha 178 km sof elektr yurish masofasini ta’minlaydi. To‘liq quvvat ko‘rsatkichlari va umumiy yurish zaxirasi keyinchalik oshkor etiladi.

Salon T-shaklga ega. Boshqaruv paneli 12,3 dyuymli LCD displey, markazda esa 15,6 dyuymli sensor ekran joylashgan. Markaziy konsolda minimalistik yondashuv qo‘llanilgan. HarmonySpace 5 multimediasi aktiv shovqinni bostirish, 27 dyuymli HUD va ichki yoritish chizig‘i kabi texnologiyalar bilan to‘ldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GAC Hyptec SSR avtomobili 213,5 km/soat tezlik bilan jahon rekordini o‘rnatgani haqida yozgan edi.