
Kursiv Uzbekistan 19-dekabr kuni yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
Qamchiq dovonida yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklandi

Qamchiq dovonida yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda «Qamchiqavtoyo‘l IYFK» Telegram sahifasida ma‘lum qilindi.
Unga ko‘ra, Qamchiq dovonidagi 180-kmdagi transport vositalari vaznini nazorat qilish punktida elektr tarmog‘ida qisqa tutashuv yuz bergani tufayli ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Toshkentda odam sotayotgan ayol qo‘lga olindi

Toshkent shahrida odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan ayol ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtda yashovchi 27 yoshli ayol 2 fuqaroni Tailandga fohishalik qilishga yuborayotgan vaqtida aeroportda qo‘lga olingan.
AQShda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘z joniga qasd qildi

AQShning Braun universitetida ikki kishini o‘ldirish va to‘qqiz kishini yaralashda gumon qilingan Klaudio Neves Valente Nyu-Xempshir shtatidagi omborxonada o‘lik holda topildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Huquqni muhofaza qilish organlari Valenteni qidirishda guvohlarning ko‘rsatmalari va kuzatuv kameralaridan keng foydalanishdi.
Afg‘onistondagi zilzila O‘zbekistonda ham sezildi

19-dekabr kuni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda ham sezildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yer silkinishining magnitudasi 6, chuqurligi 105 kilometrni tashkil etdi. Zilzila soat 10:39 da sodir bo‘lgan. Zilzila epimarkazi Аfg‘onistonning Taxor viloyati. Epimarkaz Toshkentdan 551 km janubiy-sharqda. Koordinatalari 36,31 daraja shimoliy kenglik, 69,28 daraja sharqiy uzunlik.
O‘zbekistonda aholi nega yildan-yilga kichikroq uy sotib olayotgani aytildi

O‘zbekistonda aholi uy-joyga bo‘lgan talabini bosqichma-bosqich o‘zgartirmoqda. Ular yildan-yilga kichikroq uylarni xarid qilmoqda. Bu haqda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining uy-joy va ipoteka bozori bo‘yicha tahlilida keltirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2020-yilning yanvar oyidan 2025-yilning avgust oyigacha bo‘lgan davrda sotilgan yangi qurilgan kvartiralarning o‘rtacha yashash maydoni barcha hududlarda pasayib, o‘rtacha 45 – 47 kvadrat metrdan 33 – 38 kvadrat metrgacha kamaygan. Ayniqsa, urbanizatsiya jarayoni jadal kechayotgan va aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda qisqarish yaqqol ko‘zga tashlanadi.
AQSh Braun universitetidagi voqea ortidan Green Card dasturini to‘xtatdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan diversity visa (DV) — Green Card lotereyasi dasturi to‘xtatildi. Bu haqda AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qaror Braun universiteti va Massachusets texnologiya instituti bilan bog‘liq otishma gumondori AQShga aynan shu dastur orqali kirgani ortidan qabul qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor Klaudio Manuel Neves Valente 2017-yilda diversity visa (DV1) dasturi orqali AQShga kirgan.
Centrum Air Istanbul aeroportida qolib ketgan fuqaroga kompensatsiya to‘ladi

Centrum Air samolyotga chiqolmay, Istanbulda qolib ketgan namanganlik fuqaroga kompensatsiya to‘ladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqaro 2025-yil 26-sentabr kuni Centrum Air rasmiy sayti orqali Istanbul — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha ikki dona aviabilet xarid qilgan. Biroq aviakompaniya tomonidan ortiqcha chipta sotilgani sababli u va turmush o‘rtog‘i samolyotga chiqolmay, Istanbul aeroportida qolib ketgan. Bir sutkadan so‘ng ularga majburan Istanbul — Toshkent reysi taklif qilingan va ular shu yo‘nalishda parvoz qilgan.
O‘zbekistonda dam olish kunlari qor yog‘ishi kutilmoqda

20 – 21-dekabr, shanba va yakshanba kunlari O‘zbekiston hududiga nam havo massalarining yangi qismi kirib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 0–5 daraja sovuq, kunduz kunlari esa 0–5 daraja iliq bo‘ladi.
Ijod maktablarida ta’lim jarayoni 7 – 11-sinflarda olib boriladi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga kiruvchi ijod maktablarida ta’lim jarayoni 7 – 11-sinflarda olib boriladi. Bu haqda Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qildi.
Hukumatning 17-dekabr kuni qabul qilingan qarori bilan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga kiruvchi ijod maktablari faoliyatini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekistonlik hakamlar Saudiya Arabistonidagi Osiyo kubogida faoliyat yuritadi

2026-yilning 6 – 24-yanvar kunlari Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik hakamlar guruhi va instruktorlar jamoasi faoliyat olib borishi tasdiqlandi.
Asker Najafaliyev turnirda bosh hakam sifatida ishlash uchun taklif etilgan. Unga qanotlarda tajribali yordamchi hakamlar Ruslan Serazitdinov va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov ko‘maklashadi. Shuningdek, zamonaviy futbolning ajralmas qismi bo‘lgan VAR tizimida Firdavs Norsafarov faoliyat yuritadi.
Yangi yilning bosh archasi qayerga o‘rnatilishi ma’lum qilindi

Yangi yil arafasida va undan keyin Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi maydon hamda bog‘larda archalar o‘rnatiladi. Bosh archa esa Milliy kutubxona yaqinida bo‘ladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Asosiy bayram tadbirlari 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 10-yanvargacha har kuni soat 11:00 dan 23:00 ga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maydonida bo‘lib o‘tadi.