
O‘zbekistonda davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar joriy etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Hisob palatasi faoliyati kamida har 5 yilda bir marotaba tashqi baholashdan o‘tkaziladi. Tashqi baholash Hisob palatasi organlarining xalqaro tashkiloti — INTOSAI hamda boshqa xalqaro darajada tan olingan tashkilotlar metodologiyalari asosida amalga oshiriladi.
Baholash jarayoni kelishuvlar doirasida xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy davlatlarning oliy audit organlari tomonidan o‘tkaziladi. Shuningdek, mustaqil baholash jarayonini tashkil etish, Hisob palatasi faoliyatiga oid barcha ma’lumotlarni taqdim etish va baholash natijalarini jamoatchilik uchun e’lon qilish belgilandi.
Prezident farmoni bilan Hisob palatasiga ayrim turdagi auditlarni o‘tkazishga ham ruxsat berildi. Jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining murojaatlari hamda texnik topshiriqlari asosida, ularning mablag‘lari hisobidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalarning moliyaviy auditini o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi xalqaro tashkilotlar tanlovlarida ishtirok etish yoki o‘zaro kelishuvlar asosida ularning faoliyati, loyihalari va dasturlari auditini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026–2027-yillarda «E-KSUD» axborot tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.