Yangiliklar

Ijod maktablarida ta’lim jarayoni 7–11-sinflarda olib boriladi

Har bir sinfda 20 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lishiga ruxsat berilmaydi
Foto: Vikipediya

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga kiruvchi ijod maktablarida ta’lim jarayoni 7–11-sinflarda olib boriladi. Bu haqda Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qildi.

Hukumatning 17-dekabr kuni qabul qilingan qarori bilan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga kiruvchi ijod maktablari faoliyatini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.

Nizom ijod maktablarining huquqiy maqomi, tashkil etish tartibi va jarayonlarni nazorat qilish mexanizmlarini aniq belgilaydi.

Har bir sinfda 20 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lishiga ruxsat berilmaydi. O‘quv haftasi besh kun davom etadi, biroq pedagogik kengash qarori bilan maktab olti kunlik dars jadvaliga ham o‘tishi mumkin. Maktabni tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasi bo‘yicha tasdiqlangan ta’lim haqidagi hujjat beriladi.

O‘quvchilar agentlik tasdiqlagan o‘quv rejasidagi fanlardan yillik summativ baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng direktor buyrug‘i bilan keyingi sinfga ko‘chiriladi. Bu qaror ijod maktablari tizimini yanada tartibga solishga va sifatli ta’lim jarayonini ta’minlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.