Gadjetlar

iPad mini 8 A20 Pro chipi bilan chiqishi mumkin

Yangi mini 8 modeli 8,5 dyuym OLED ekran bilan chiqishi kutilmoqda
Foto: Gizmochina

Apple keyingi iPad mini avlodida jiddiy yangilanish rejalashtirayotgani haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Gizmochina ma’lumotlariga ko‘ra, iPad mini 8 A17 yoki A19 Pro emas, balki A20 Pro chipi bilan taqdirlanishi mumkin.

Bu chip iPhone 18 seriyasida va Apple’ning ilk bukiluvchi qurilmasida ishlatilishi kutilayotgan kuchli 2nm texnologiyaga ega protsessor bo‘ladi. A20 Pro avvalgi 3nm chiplar bilan solishtirganda taxminan 15 foiz yuqori unumdorlik va 30 foizgacha energiya samaradorligini taklif qilishi aytilmoqda. Bu kichik planshet uchun tezroq ilovalar, kuchliroq o‘yin samaradorligi va uzoqroq ishlash vaqtini anglatadi.

Foto: Gizmochina

Yana bir katta o‘zgarish – displeyda. Yangi mini 8 modeli 8,5 dyuym OLED ekran bilan chiqishi kutilmoqda. Yangilangan panel rang va kontrastni sezilarli yaxshilaydi, biroq 60 Hz yangilanish tezligi saqlab qolishi aytilmoqda.

Apple iPad mini 8 modelini 2026-yilning uchinchi choragida taqdim etishi rejalashtirilmoqda. Rejalar o‘zgarishi mumkin, ammo ushbu ma’lumotlar tasdiqlansa, eng kichik iPad har qachongidan kuchliroq va premium ko‘rinishga ega bo‘lib bozorga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan ilk bukiluvchi iPhone tasvirlari paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.