
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi kutilmaganda sekinlashishi bo‘yicha xavotirlar ortib bormoqda. Bu haqda JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha prezidentning maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Urunov JST Umumiy kengashida O‘zbekistonning a’zolik jarayoni yuzasidan bayonot berdi. Unda mamlakatning JSTga qo‘shilish bo‘yicha hozirgi holati va quyidagi asosiy faktlar ta’kidlandi.
1-fakt. O‘zbekiston JSTga to‘liq sodiq
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga qat’iy sodiq, zarur islohotlarni amalga oshirdi va qolgan masalalarni muhokama qilishga tayyor. Shu bilan birga, ishchi guruh a’zolaridan aniq va o‘z vaqtida fikr-mulohazalar berilishi muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston JSTning 14-vazirlar konferensiyasi (MC14)ga qadar a’zolikni yakunlash to‘liq mumkin, deb hisoblaydi. Biroq ayrim savollarning mazmuni va vaqti jarayonda kutilmagan sekinlashuvlar bo‘layotgandek taassurot qoldirayotgani aytildi.
«Jarayon kutilmaganda sekinlashishi mumkinligidan xavotirimiz ortib bormoqda. Bu tasavvur ishchi partiya sikllari doirasida bizga kelib tushgan ba’zi savollarning mohiyati, vaqti va mazmuniga asoslanadi», — dedi Urunov.
2-fakt. Ikki tomonlama muzokaralar yakunlanish arafasida
Hozirga qadar O‘zbekiston 33 ta davlat bilan bozoriga kirish bo‘yicha kelishuvga erishgan, 30 tasi bilan protokollar imzolangan. Rossiya bilan ham kelasi haftada protokol imzolanishi kutilmoqda. Shu tariqa barcha ikki tomonlama muzokaralarni oktabr oyiga qadar yakunlash mumkinligi bildirildi. Ayrim protokollar bozoriga kirish bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalar sababli hanuz imzolanmagani ham qayd etildi.
«Afsuski, ba’zi protokollar bozorga kirish bilan bog‘liq muammolar tufayli imzolanmagan, imzolanmagan yoki rasman yopilmagan holda qolmoqda. Ba’zi hollarda bozorga kirish muammolari tilga olinadi, ammo ular keyingi yil uchun muzokaralar stolida jiddiy ko‘tarilmagan», — deydi prezidentning maxsus vakili.
3-fakt. O‘zbekiston global savdo tizimiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishni bir tomonlama foyda sifatida emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik deb biladi. Mamlakat adolat, shaffoflik va savdoda barqarorlik kabi qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Tarixan Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lagan O‘zbekiston bugun ham global savdo tizimiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
4-fakt. Jarayonni asossiz cho‘zmaslik so‘raldi
O‘zbekiston qolgan masalalar bo‘yicha ishlash va zarur o‘zgarishlarni joriy etishga to‘liq tayyor ekanini bildirdi. Shu bois, a’zolik jarayoni asossiz kechiktirilmasligi so‘rab o‘tildi.
Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi kelgusi Vazirlar konferensiyasigacha muvaffaqiyatli yakunlanmasligi uchun hech qanday obyektiv sabab yo‘q. Aksincha, to‘liq tayyor va mas’uliyatli davlat sifatida O‘zbekiston JST oilasiga qo‘shilishi uchun barcha asoslar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida bozorlar ochilishi bo‘yicha ikki tomonlama protokol imzolangandi. Mazkur kelishuv O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oktabr oyida Bryusselga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan so‘ng erishildi. Ushbu tashrif siyosiy darajada kuchli turtki berdi va tomonlarning hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishini mustahkamladi.