
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qoʻmitasi 2025-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda jami 41 ta masalani muhokama qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Asosiy masalalarning katta qismi roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishiga toʻgʻri keldi. Xususan, kredit tashkilotlari ustavlariga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish, yangi mikromoliya va kredit tashkilotlarini hisob roʻyxatiga olish, ayrim mikromoliya tashkilotlarini reyestrdan chiqarish, kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, banklarda auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorlik malaka sertifikatlarini berish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruv aʼzolari va muhim lavozimdagi xodimlar nomzodlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 10 ta masala koʻrib chiqildi. Ular Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlar bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini moliyalashtirishga qarshi kurashish talablariga rioya etilishi bilan bogʻliq boʻldi.
Prudensial normativlarga rioya etilmagani va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar sababli bitta mikromoliya tashkiloti hamda bitta toʻlov tashkilotiga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanishi haqida ogohlantirish berildi.
Shu bilan birga, Markaziy bank talablari va inspeksiya tekshiruvlari natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar, jumladan, moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilmagani uchun toʻrtta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya Farg‘ona kimyo zavodi va yana uchta kompaniyaga sanksiya kiritgani haqida yozgandi.