Moody’s O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozini yaxshiladi

Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren reytinglari bo‘yicha navbatdagi davriy ko‘rib chiqishni yakunladi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu sharh texnik xususiyatga ega bo‘lib, yaqin kelajakda reytingni saqlab qolish yoki o‘zgartirishdan oldingi muhim bosqich hisoblanadi.
Hisobotda O‘zbekistonning kredit profili yuqori iqtisodiy o‘sish salohiyati va nisbatan mo‘tadil davlat qarzi bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etilgan. Davlat qarzining katta qismi imtiyozli shartlarda jalb qilingan. Shu bilan birga, aholi jon boshiga daromadning pastligi, raqobatbardoshlik darajasining cheklanganligi, institutsional hamda mo‘tadil siyosiy xatarlar iqtisodiyot uchun cheklovchi omillar sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Moody’s bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi voqealarga, jumladan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning ta’siriga nisbatan barqarorlikni namoyon etmoqda. Ushbu omillar hozircha yalpi ichki mahsulot o‘sishiga va davlat moliyasiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Biroq agentlik savdo oqimlari, pul o‘tkazmalari, mehnat bozori hamda ehtimoliy ikkilamchi sanksiyalar bilan bog‘liq uzoq muddatli xatarlar mavjudligini ta’kidlagan.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda real YaIM o‘sishi 2025-yilda 6,7 foizni, 2026-yilda esa qariyb 6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yil iyun oyida Moody’s O‘zbekistonning suveren reytingini Ba3 (BB-) darajasida tasdiqlagan va o‘shanda 2025-yil uchun 5,8 foiz, 2026-yil uchun esa 5,7 foiz iqtisodiy o‘sishni prognoz qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Moody’s: UzAuto Motors barqaror reytingni saqlab qolgani haqida yozgandi.