Nafaqa olish uchun zarur bo‘lgan eng kam sug‘urta staji muddati belgilandi

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida nafaqalarni tayinlash va to‘lashning yagona tartibi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, 2026-yil 1-iyuldan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Sug‘urta hodisasi yuzaga kelganda to‘lovlar sug‘urtalangan shaxs davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni olish huquqiga ega bo‘lgan davrda tayinlanadi. Bunday huquq ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda, yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatish jarayonida, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lgan davrda yuzaga kelishi mumkin.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun esa kamida 6 oy sug‘urta staji mavjud bo‘lishi talab etiladi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun, biroq bir kalendar yil davomida 182 kalendar kundan oshmagan qismi uchun to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorini hisoblashda sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mutanosib ravishda o‘rtacha oylik ish haqiga belgilangan staj koeffitsientlari qo‘llaniladi.
| Sug‘urta staji muddati | Nafaqa hisoblashda qo‘llaniladigan foiz |
|---|---|
| 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) | 75 % |
| 25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) | 85 % |
| 61 oy va undan ortiq | 100 % |
Sug‘urtalangan shaxslarga tayinlangan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar moliyaviy agent tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kredit qarzini ijtimoiy nafaqa va yordam pullaridan undirish taqiqlangan edi.