O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat Parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning roli muhim ekani ta’kidlandi. Maslahatchilar palatasi vakillari joriy yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150 yilligiga bag‘ishlangan sessiyada faol ishtirok etganliklari aytildi.
Shuningdek, yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini tashkil etish va 2026-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar parlamentlari a’zolari global konferensiyasida Yaponiya delegatsiyasining ishtirok etishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda parlamentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, xususan, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, texnologik va madaniy hamkorlikni kengaytirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya shaharlarida O‘zbekiston arxeologik ko‘rgazmalari tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.


