O‘zbekistonda aholi nega yildan-yilga kichikroq uy sotib olayotgani aytildi

O‘zbekistonda aholi uy-joyga bo‘lgan talabini bosqichma-bosqich o‘zgartirmoqda. Ular yildan-yilga kichikroq uylarni xarid qilmoqda. Bu haqda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining uy-joy va ipoteka bozori bo‘yicha tahlilida keltirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2020-yilning yanvar oyidan 2025-yilning avgust oyigacha bo‘lgan davrda sotilgan yangi qurilgan kvartiralarning o‘rtacha yashash maydoni barcha hududlarda pasayib, o‘rtacha 45 – 47 kvadrat metrdan 33 – 38 kvadrat metrgacha kamaygan. Ayniqsa, urbanizatsiya jarayoni jadal kechayotgan va aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda qisqarish yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Masalan, Namanganda yangi kvartiralarning o‘rtacha maydoni 46,5 kvadrat metrdan 38,7 kvadrat metrgacha, Andijonda 45,9 kvadrat metrdan 34,9 kvadrat metrgacha, Farg‘onada 50,1 kvadrat metrdan 40 kvadrat metrgacha qisqargan. Hatto yuqori daromadli uy-xo‘jaliklari nisbatan ko‘proq bo‘lgan Toshkent shahrida ham 2020 – 2024-yillar davomida o‘rtacha uy-joy maydoni 44,9 kvadrat metrdan 39,3 kvadrat metrgacha qisqargan.

2025-yilda respublikada sotib olingan uylarning o‘rtacha maydoni hech qaysi hududda 40 kvadrat metrga yetmagan. 2024-yilda faqat Farg‘onada ushbu ko‘rsatkich qayd etilgan edi.
O‘zbekiston bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Navoiy viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. U yerda sotilgan uylarning maydoni oxirgi 3 yildan buyon o‘rtacha 30 kvadrat metrdan past shakllanmoqda.
Narxlar ko‘tarildi
Uy-joy nominal narxlari 2020 – 2023-yillarda keskin oshib, 2024-yilning ikkinchi choragida eng yuqori darajaga yetdi. 2025-yilning uchinchi choragiga kelib narxlar o‘z cho‘qqisiga nisbatan birlamchi bozorda 4,5 foizga, ikkilamchi bozorda esa 8,3 foizga pasaydi.

Uy-joy bozorida talab qanday?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston uy-joy bozori o‘sish sur’ati va tarkibiy jihatdan o‘zgargan bo‘lsa-da, barqaror ravishda kengayishda davom etdi. Xususan, 2020 – 2024-yillarda uy-joy oldi-sotdi shartnomalarining umumiy soni o‘rtacha yiliga 6,9 foizdan o‘sdi va 196 mingtadan 254 mingtaga yetdi. Ushbu o‘sishning asosiy qismi birlamchi (yangi qurilish) bozor hisobiga shakllangan bo‘lib, yangi uy-joy bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalar 18,8 foizga o‘sdi.
Mazkur davrda ikkilamchi bozorda oldi-sotdi shartnomalari soni bo‘yicha 4 foizlik o‘sish kuzatildi. O‘rganilgan davr mobaynida bozorning ikki segmentida o‘sish dinamikasi bir biridan keskin farq qildi.
Ikkilamchi bozorda oldi-sotdi shartnomalari sonining ortishi 2021-yildagi 13,6 foizdan 2024-yilda 7,3 foizgacha sekinlashdi. Ekspertlarga ko‘ra, bu likvidlikning pasayishi va to‘lov qobiliyatining cheklangani bilan izohlanadi. Aksincha, birlamchi bozor barqaror o‘sish dinamikasini saqlab qolgan va o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 18,8 foizni tashkil qildi.
Avvalroq Kursiv O‘zbekistonda uy-joyga egalik qilish imkoniyatlari hukumatning maqsadli subsidiyalari va ipoteka dasturlari hisobiga kengayayotgani haqida xabar bergandi.