Yangiliklar

Poyga afsonasi aviahalokatda halok bo‘ldi

Jami yetti kishi qurbon bo‘ldi
Foto: Flashscore

AQShning Shimoliy Karolina shtati Steytsvill aeroportida shaxsiy samolyot halokatga uchradi. Oqibatda sobiq poygachi Greg Biffl va uning oila a’zolari vafot etdi, deya xabar bermoqda Reuters.

Ma’lumotlariga ko‘ra, Florida shtatiga yo‘l olgan samolyot kuchli bo‘ron sababli aeroportga qaytishga uringan, biroq uchish-qo‘nish yo‘lagida halokatga uchragan. Kuchli yong‘in tufayli qurbonlarning shaxsini to‘liq tasdiqlash jarayoni davom etmoqda, biroq samolyot Bifflga tegishli kompaniya nomiga ro‘yxatga olingani ma’lum qilingan.

Foto: WFMY News 2

55 yoshli Greg Biffl 20 yillik faoliyati davomida 19 ta Cup Series poygalarida g‘olib chiqqan va 2023-yilda NASCAR tarixidagi 75 ta eng buyuk haydovchi ro‘yxatidan joy olgan edi. U nafaqat sportdagi yutuqlari, balki xayriya ishlari bilan ham tanilgan. Xususan, «Helen» to‘foni Shimoliy Karolinaga talofat yetkazganida, Biffl o‘zining shaxsiy vertolyotidan foydalanib, jabrlanganlarni qutqarish va yordam yetkazishda faollik ko‘rsatgan edi.

«Greg NASCAR hamjamiyatining haqiqiy ustuni edi. U nafaqat poyga yo‘laklarida, balki og‘ir damlarda o‘z vertolyotida odamlarni qutqarish orqali ham qahramonlik ko‘rsatgan», — dedi senator Tom Tillis.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda yuk samolyoti halokatga uchragani haqida xabar bergan edi.