Yangiliklar

Qaysi davlatlar iqtisodiyoti migrantlarning pullariga tayanadi

Ular orasida Markaziy Osiyo davlatining ulushi nisbatan katta
Foto: svpressa.ru

Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyodagi mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalariga eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan hududlardir. Bu haqda Jahon banki ma’lumotlarida keltirilgan.

Xususan, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ana shunday davlatlar qatoriga kiradi. Bank taqdim qilgan statistika ko‘ra, 2024-yilda migrantlarning pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining(YIM) 45,4 foizini tashkil etgan, bu nisbiy jihatdan dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yilda respublikaga pul o‘tkazmalari hajmi 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Tinch okeanidagi orol davlat bo‘lmish Tonganiki Tojikistondan keyin sezilarli farq bilan yalpi ichki mahsulotning 38,2 foizini tashkil qiladi. Undan keyin quyidagi davlatlar o‘rin olgan:

Infografika: Asia-Plus

Qirg‘izistonlik migrantlarning o‘z mamlakatiga pul o‘tkazmalari Qirg‘iziston YIMning 23,7 foiziga teng. Xorijda ishlayotgan O‘zbekiston migrantlarining pul o‘tkazmalari esa mamlakat yalpi ichki mahsulotining 16,9 foizini tashkil qilgan.

Infografika: Jahon banki

2024-yil holatiga ko‘ra, fuqarolaridan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha eng yaxshi o‘nta mamlakatlar qatoriga Hindiston (129,1 mlrd dollar), Meksika (68,2 mlrd dollar), Xitoy (48 mlrd dollar), Filippin (40,2 mlrd dollar), Pokiston (33,2 mlrd dollar) Bangladesh (26,6 mlrd dollar), Misr (22,7 mlrd dollar), Gvatemala (21,6 mlrd dollar), Nigeriya (19,8 mlrd dollar) va O‘zbekiston (16,6 mlrd dollar) kiradi.

Infografika: Asia-Plus

Tojikistondagi «Asia-Plus» nashrining yozishicha, pul o‘tkazmalari Tojikiston iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi. Birinchidan, ichki talabni saqlab qolishda katta ahamiyatga ega. Migrant oilalar olgan mablag‘laridan tovarlar sotib olish va xizmatlar (elektr energiyasi, aloqa, transport va boshqalar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun foydalanadi.

Ikkinchidan, tashqi savdo defitsitini qoplaydi. Ya’ni migrantlar mamlakatning zarur import tovarlarining katta qismini qoplaydigan xorijiy valyutani uyga jo‘natadi.

Uchinchidan, soliq tushumlari budjetga kiradi. O‘tkazmalar pul o‘tkazmalari punktlari va tovarlar hamda xizmatlar sotuvchilari uchun ma’lum miqdorda daromad keltiradi, ular esa o‘z navbatida soliq to‘laydi.

Avvalroq «Kursiv» joriy yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 17,3 mlrd dollarni tashkil etgani haqida yozgandi.