Yangiliklar

Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga ro‘yxatdan o‘tish taqiqlanishi mumkin

Messenjer xizmatlari bundan mustasno
Foto: Unsplash

Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga ro‘yxatdan o‘tish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Tengrinews nashri xabar bermoqda. Hujjat hozircha faqat muhokama uchun e’lon qilingan.

Loyiha «Onlayn platformalar va OAV masalalari bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida» qonunga qo‘shimcha sifatida taklif etilgan. Unda 16 yoshdan kichik bolalarni ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tkazmaslik taklifi bor. Messenjer xizmatlari bundan mustasno.

Vazirlik tushuntirishicha, taqiq faqat ijtimoiy tarmoqlarga tegishli bo‘ladi. WhatsApp yoki Telegram kabi tezkor xabar almashish servislariga tatbiq etilmaydi. Aniq ro‘yxat berilmagan, biroq Qozog‘istonda ishlayotgan barcha ijtimoiy tarmoqlar qamrab olinishi aytilgan. Bu TikTok, Instagram, Facebook, Threads, X, VK kabi platformalarga ham tegishli bo‘lishi mumkin.

Onlayn o‘yinlar bunday cheklov doirasiga kirmaydi. Roblox va Minecraft kabi o‘yinlar ijtimoiy tarmoqlar yoki onlayn platforma sifatida tasniflanmagan. Shu bois ular uchun alohida taqiq ko‘zda tutilmagan.

Vazirlik hozircha foydalanuvchilar yoshini qanday tekshirish bo‘yicha aniq mexanizmni taqdim etmadi. Mutasaddilar Daniya va Avstraliya tajribasini o‘rganayotganini bildirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, asosiy maqsad bolalarni raqamli makonda himoya qilishdir. Ijtimoiy tarmoqlarda kiberbulling, firibgarlik va noqonuniy kontent ko‘p uchrashi, bu esa bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘istonda bronza davriga oid yodgorlik topilgani haqida yozgan edi.