
Qrim rasmiylari Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bildirgan 84 nafar jismoniy va yuridik shaxsning mol-mulkini davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Qrim parlamenti spikeri Vladimir Konstantinov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Aktivlar orasida taniqli bokschi Oleksandr Usikning mulklari ham bor. Rasmiylar uni Ukraina harbiylari uchun mablag‘ yig‘ishda va Rossiyaning maxsus harbiy amaliyotini ochiqchasiga qoralashda ayblamoqda. Shuningdek, Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Igor Franchukning Qrimdagi bir qator aktivlari, jumladan Lilaste va Teskao kabi shirkatlardagi ulushlari davlat tasarrufiga o‘tkazildi.
Oleksandr Usik 2024-yil 18-may kuni Ar-Riyodda Tayson Fyurini mag‘lubiyatga uchratib, og‘ir vazn toifasida WBA, WBC, IBF va WBO kamarlarining mutlaq sohibiga aylandi. Shu tariqa, u 1999-yildan buyon ushbu vaznda barcha nufuzli unvonlarni o‘zida jamlagan birinchi bokschi sifatida tarixga kirgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Usik WBO chempionlik kamaridan ayrilgani haqida xabar bergan edi.