
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi so‘nggi paytlarda o‘zini «SES» xodimi deb tanishtirayotgan shaxslar haqida murojaatlar bo‘layotganini bildirdi.
Xabarga ko‘ra, ular ko‘p qavatli uylar va turli tadbirkorlik subyektlariga borib, suvaraklarga qarshi majburiy dezinfeksiya bahonasida dori vositalarini sotishga urinmoqda. Ma’lum qilinishicha, boshqarma va uning tuman bo‘limlari xodimlari aholi yoki tadbirkorlarga dezinfeksiya vositalarini sotish bilan shug‘ullanmaydi. Xavotirli jihati, o‘zini «SES» xodimi deb tanishtirayotgan shaxslarning soxta xizmat guvohnomalari ham mavjud.
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi dezinfeksiya vositalarini bilmasdan qo‘llash zaharlanish kabi salbiy oqibatlarga olib kelishini bildirdi. Shuning uchun agar kimdir o‘zini «SES» xodimi sifatida tanishtirib, dori vositalarini pullashga urinsa, avvalo uning xizmat guvohnomasini so‘rash zarur. Agar bu shaxslar xususiy dezinfeksiya tashkiloti vakili bo‘lsa, davlat ro‘yxatidan o‘tganligi va tegishli litsenziyasi bor-yo‘qligini, shuningdek, taklif qilinayotgan vositalar davlat ro‘yxatidan o‘tganini so‘rash lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi yangilangandi. Reglamentga ko‘ra, chetdan olib kirilayotgan mahsulotlar uchun xulosa ularning yaroqlilik muddatiga qarab beriladi. Agar mahsulotning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, xulosa muddat belgilanmasdan rasmiylashtiriladi.