
Transfermarkt portali Saudiya Arabistoni Proligasi futbolchilarining bozor qiymatlari bo‘yicha yangilangan reytingini taqdim etdi. Yangilanish natijasida besh nafar yetakchi futbolchining narxida pasayish kuzatilgan.
Reytingning yuqori pog‘onalarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. «Al-Qodisiya» hujumchisi Mateo Retegi 40 mln yevro bilan peshqadamlikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, uning qiymati 5 mln yevroga arzonlashdi. Eng katta pasayish «Al-Hilol» vakili Darvin Nunesda qayd etildi. Uning narxi 10 mln yevroga pasayib, 35 mln yevroni tashkil etmoqda.

«An-Nasr» forvardi Krishtianu Ronalduning transfer bahosi 12 mln yevro darajasida o‘zgarishsiz qoldi. 40 yoshli futbolchi umumiy ro‘yxatning 23-pog‘onasidan joy olgan. Mutaxassislar futbolchining yoshi va jismoniy holatini inobatga olgan holda, uning narxi barqaror saqlanib qolayotganini yuqori baholashmoqda.
Shuningdek, «Al-Hilol» futbolchisi Teo Ernandes hamda «Al-Ahli»dan Enso Milloning narxlari 7 mln yevroga arzonlab 28 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, «Al-Ittihod» a’zosi Mussa Diabining transfer qiymati 2 mln pasaygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Krishtianu Ronaldu «Forsaj» filmida rol ijro etishi mumkinligi haqia xabar bergan edi.