Yangiliklar

TikTok o‘zining AQShdagi aktivlarini amerikalik investorlarga sotishga rozi bo‘ldi

Ushbu kelishuv bir necha yil davom etgan janjalga chek qo‘yadi
Foto: Unsplash

TikTok kompaniyasiga egalik qiluvchi ByteDance o‘zining Amerikadagi bo‘linmasini AQSh investorlari tomonidan boshqariladigan qo‘shma korxonaga o‘tkazish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bu haqda «Axios» TikTok bosh direktori Shou Tzu Chuning ichki hujjatiga tayanib xabar berdi.

Unda aytilishicha, ushbu kelishuv bir necha yil davom etgan TikTok’ning Xitoydagi bosh kompaniyasi ByteDance’ni milliy xavfsizlikka oid xavflarni yumshatish uchun AQShdagi bo‘linmasini mahalliy egalarga sotishga majbur qilgan janjalga chek qo‘yadi.

Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, Oracle Corp., Silver Lake va MGX bilan shartnomalar imzolangan. Chu yakuniy sanani 2026-yil 22-yanvarga belgiladi.

«Yopilgandan so‘ng, TikTok’ning hozirgi tashkiloti bo‘lgan US Data Security (USDS) asosida tashkil etilgan AQSh qo‘shma korxonasi AQSh ma’lumotlarini himoya qilish, algoritm xavfsizligi, kontentni moderatsiya qilish va dasturiy ta’minotni taqdim etish bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘lgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi», – deyiladi hujjatda.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida AQShda TikTok’ni taqiqlovchi farmonni imzoladi, keyinchalik bu farmon sud tomonidan bekor qilindi. 2024-yilning boshida keyingi prezident Jo Bayden video platformaning egasi, Xitoyning ByteDance kompaniyasi o‘z ulushini sotmaguncha, uni taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi. TikTok rahbariyati esa foydalanuvchilarning so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqlarini buzganlikda ayblanib sudga murojaat qildi.

25-sentabr kuni AQSh prezidenti TikTok ustidan nazoratni Amerika korporatsiyalariga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, bu ijtimoiy tarmoqning mamlakatda faoliyatini davom ettirishiga imkon berdi. Kompaniya qiymati $14 milliardga baholandi. AQSh vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens TikTok endi amerikaliklarga qarshi «targ‘ibot quroli» sifatida ishlatilmasligini ta’kidladi. O‘shandan beri u TikTok taqiqini bir necha bor uzaytirdi.

Turli mamlakatlar platformaga cheklovlar qo‘ymoqda. AQSh va Kanadada TikTok’ni davlatga tegishli qurilmalarga o‘rnatish taqiqlangan. Xitoyda ilovaning Douyin deb nomlangan o‘z versiyasi ishlaydi va TikTok’ning xalqaro versiyasi mavjud emas.

Noyabr oyida Parij prokuraturasi TikTok algoritmlari bo‘yicha dastlabki tergovni boshladi, qator nashrlarga ko‘ra, bu o‘z joniga qasd qilishga moyil odamlarni jalb etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Xitoy delegatsiyalari Malayziyada bo‘lgan ASEAN sammitida savdo kelishuvi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgandi.