Yangiliklar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etiladi

Kelasi o‘quv yilida
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etiladi / Foto: Facebook

2026/2027-o‘quv yilidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida alohida ta’lim yo‘nalishi sifatida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Mamlakatda davlat auditi, investitsiya loyihalari va infratuzilmani boshqarish jarayonlarini zamonaviy asosda takomillashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishdan boshlab loyihalarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi.

Mazkur jarayonda rivojlantirish dasturlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Kapital qo‘yilmalar» avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron shaklda shakllantiriladi. Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish «Shaffof qurilish» platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobvaraq-fakturalarni kelishish «Shaffof qurilish» platformasida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida «Kapital qo‘yilmalar» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan avtomobil yo‘llari qurilishi jarayonlarida kosmik tasvirlar va dronlar yordamida qurilish hamda moliyalashtirish hajmlarini solishtirish asosida monitoring olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hisob palatasi faoliyati tashqi baholashdan o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.