Yaponiya shaharlarida O‘zbekiston arxeologik ko‘rgazmalari tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrifini imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yaponiya imperatori davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, ushbu tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida muhim voqea ekanini ta’kidladi.
Prezident imperatorga hurmatini bildirib, Yangi O‘zbekistonning islohotlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorligini bildirdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Yapon xalqlari mentalitet, urf-odat va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi hamda ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bilan bog‘langanligi ta’kidlandi.
Ikki tomonlama hamkorlik doimiy ravishda kengayib borayotgani, ayniqsa ta’lim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida erishilgan yutuqlar qayd etildi. Hozirga qadar 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot o‘tamoqda, 440 nafardan ziyodi stipendiya asosida oliy ma’lumot olgan. O‘zbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili o‘qitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Kelgusi yilda Yaponiyaning bir nechta shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv yakunida Mirziyoyev imperator Naruxitoga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezidentning Yaponiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgani haqida yozgan edik.

