Jamiyat

Zangiotada ham elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi

Uning quvvati 300 MVt soatga teng bo‘ladi
Foto: REUTERS/Pascal Rossignol

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi. Bu bo‘yicha 17-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qaror imzoladi.

«Eaglerise development HK Company Limited» kompaniyasi tomonidan «Toshkent viloyati Zangiota tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish» investisiya loyihasi doirasida «Mega Energy Power TECH» MCHJ (loyiha kompaniyasi) ta’sis etilgan.

Qarorga ko‘ra, loyiha kompaniyasi o‘z zimmasiga elektr energiyasini saqlash tizimi foydalanishga kafolatlangan tarzda tayyor turishini ta’minlash majburiyatini oladi.

Loyiha kompaniyasi loyiha doirasida elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya quradi hamda ishga tushirilgandan so‘ng ularni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga topshiradi.

Elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bilan bog‘liq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari bitimlarga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda BAA kompaniyalari tomonidan ikki yirik energiya saqlash tizimi qurilishi haqida yozgandi.