«Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi yaratilishi mumkin

«Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi – raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, «buyumlar interneti», kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida koʻptomonlama hamkorlik platformasi yaratilishi mumkin. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida boʻlib oʻtgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammitida nutq soʻzladi.
Unda davlat rahbari Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish va navbatdagi uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, Yaponiya tashabbusi bilan adliya va huquq sohasida doimiy hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish hamda kelgusi yili Tokioda adliya vazirlarining ilk uchrashuvini o‘tkazish qo‘llab-quvvatlandi.
«Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040» hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish muhim vazifa sifatida belgilandi. Ushbu hujjat orqali mintaqaning barqaror rivojlanishi va global iqtisodiyotga chuqur integratsiyasi uchun aniq dastur va loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda yetakchi tahlil markazlari ishtirokida Ekspertlar forumini tashkil etish va uning ilk yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.
«Sifatli infratuzilma» dasturi ishga tushirilishi mumkin

Yaponiya moliya institutlarining mintaqadagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi yuqori baholandi. Markaziy Osiyoning tabiiy va inson resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan uyg‘unlashtirish orqali yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu doirada infratuzilma va sanoatni rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini tashkil etish hamda «Sifatli infratuzilma» dasturini ishga tushirish taklif qilindi.
Shuningdek, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmogʻi – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini yaratish ilgari surildi.
«Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi

Raqamli transformatsiya alohida ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Sanoatni avtomatlashtirish, robototexnika, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohalarida «Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli hamkorlik platformasini yaratish taklif etildi.
Transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirishda Yaponiya tajribasidan keng foydalanish, tezyurar poyezdlar, avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlarini barpo etishda hamkorlikni kuchaytirish rejalari bildirildi. Shu bilan birga, ekologiya va «yashil» energetika yo‘nalishlarida zararli gazlarni qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.