O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 12 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirildi

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 12 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirildi / Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 12 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirildi. Tokioda prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston – Yaponiya strategik sherikligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda savdo hajmi, investitsiyalar va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Energetika, infratuzilma, geologiya, turizm, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yapon kompaniyalari O‘zbekistonda faol ishlamoqda. Xususan, Sojitz, Toyota Tsusho, Sumitomo, Itochu, Kyoto Plaza, Balcom, Shikoku Electric kabi yetakchi yapon kompaniyalari shular jumlasidan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, sammitga tayyorgarlik doirasida umumiy qiymati $12 mlrddan ortiq bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif etildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli asosida maxsus iqtisodiy zona tashkil qilish, «Bir qishloq – bitta mahsulot» dasturini kengaytirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Ta’lim, kadrlar tayyorlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027-yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari oʻzaro oʻtkaziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yakunda tomonlar Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladi. Tashrif doirasida bir qator muhim kelishuv hujjatlari ham qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Yaponiyaning Sukuba universiteti faoliyat boshlashi haqida xabar qilingandi. Bu yo‘nalishda Shavkat Mirziyoyev Yaponiya ta’lim va fan sohasidagi rahbarlar hamda yetakchi universitetlar vakillari bilan uchrashdi.

Shuningdek