O‘zbekistonda Yaponiyaning Sukuba universiteti faoliyat boshlaydi

O‘zbekistonda Yaponiyaning Sukuba universiteti faoliyat boshlaydi. Shavkat Mirziyoyev Tokiodagi rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya ta’lim va fan sohasidagi rahbarlar hamda yetakchi universitetlar vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda Yaponiya ta’lim tizimi tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha kuchli tayanchga ega ekani, shuningdek, ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yuqori natijalar berayotgani qayd etildi. Hozirgi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.



Uchrashuvda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida ta’lim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish, innovatsiyalar konsorsiumini tashkil etish hamda flagman loyihalarni ishga tushirish taklif qilindi. Jumladan, o‘quv jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha yangi ta’lim dasturlarini ochish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitim, Sukuba universiteti bilan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum hamda ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlashga oid boshqa hujjatlar imzolandi. Erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish uchun aniq choralarni belgilovchi «Yo‘l xaritasi» qabul qilinishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «JOGMEC» ishtirokida Oʻzbekistonda oʻta muhim mineral konlar oʻzlashtirilishi haqida xabar berilgandi. Unga koʻra, Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammiti doirasida koʻp tomonlama biznes forumida qatnashdi. Tadbir davomida qo‘shma iqtisodiy loyihalar taqdim etildi.