Saudiya Arabistonida birinchi qor yog‘di

Dekabr o‘rtalarida Saudiya Arabistonining tog‘li hududlari va cho‘l mintaqalarida qor yog‘di. Bu haqda Al-Ihbariya telekanali X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Arabiston yarimoroli uchun kam uchraydigan ushbu tabiiy hodisa mamlakatning bir nechta hududlarida kuzatilgan. OAV tomonidan e’lon qilingan kadrlarda Neom hududidagi Troyena tog‘lari hamda Tabuk viloyatidagi Al-Louz tog‘lari qor bilan qoplangani aks etgan. Ayrim joylarda havo harorati noldan pastga tushib, avtomobil yo‘llarida muzlama yuzaga kelgan.
Noqulay ob-havo sharoiti sabab Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida maktab o‘quvchilari vaqtincha masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, mamlakatning shimoliy hududlarida yaqin kunlarda qor yog‘ishi yanada kuchayishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda dam olish kunlari qor yog‘ishi kutilayotgani haqida yozgandi.