
Yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlari aholini asosiy oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi barcha dehqon bozorlarida Yangi yil savdo yarmarkalari tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yarmarkalarda zarur mahsulotlar yetarli miqdorda taklif qilinmoqda. Har bir bozorga mamlakat viloyatlari biriktirilgan bo‘lib, hududlardan kelgan dehqon va fermerlar mahsulotlarni bevosita xaridorlarga sotmoqda. Shuningdek, narxlarning sun’iy oshirilishini oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari kuchaytirilgan. Savdo yarmarkalari 2026-yil 10-yanvargacha faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari 2026-yilda fermerlarga 2025-yilda olgan hosilining 50 foizi miqdorida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 foizli kredit berilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, xorijiy valyutadagi kredit stavkasining sakkiz foizdan yuqori qismi qoplab beriladi va kreditlarning 50 foizigacha kafillik taqdim etiladi.