Prezident amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga bordi

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahriga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Pulkovo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 21–22-dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida, shuningdek, MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.
Sammit kun tartibiga ushbu ko‘p tomonlama birlashmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.