
Xitoyda FAW-Toyota qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi Toyota Corolla avtomobilining rasmiy savdolari boshlandi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Restayling qilingan model nafaqat yangi dizaynga ega bo‘ldi, balki o‘lchamlari sezilarli darajada kattalashdi. Avtomobil uzunligi 4710 mm ga, g‘ildiraklar orasidagi masofa esa 2750 mm ga yetdi, bu esa salonning kengligini yuqori sinf modellari darajasiga olib chiqadi. Old panel C shaklidagi chiroqlar bilan jihozlangan bo‘lib, orqa tomonda L shaklidagi fonarlar va «o‘rdak dum» turidagi spoyler mavjud.

Salon minimalistik qora-oq ranglarda ishlangan. Jihozlarga 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli va Apple CarPlay hamda Huawei HiCar qo‘llab-quvvatlovchi 12,9 dyuymli media-ekran kiradi. Variantlar orasida 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlash, 64 rangli atmosferik yoritish va yashirin shamollatish deflektorlar mavjud. Xavfsizlikni Toyota Pilot yordamchi tizimi ta’minlaydi, bu tizim avtomobilning standart jihozlariga kiritilgan.

Kaput ostida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi: kompaniya 1,2 litrlik (turbo) va 1,5 litrlik (atmosferik) dvigatellarni bekor qildi. Endi xaridorlarga 171 ot kuchiga ega 2,0 litrlik atmosferik dvigatel va 1,8 litrlik motor asosidagi 5-avlod gibrid tizimi taklif etiladi. Gibrid versiyasi 100 km yo‘lga atigi 4,13 litr yoqilg‘i sarflaydi va benzobak bilan 1 ming km masofani bosib o‘tadi.
Shuningdek, Xitoyda GAC-Toyota qo‘shma korxonasi tomonidan yangi Toyota Levin L taqdim etildi. Bu model yangi Corolla nusxasi bo‘lib, old qismi an’anaviyroq dizaynga ega. Bazaviy dvigatel 1,2 litrlik. Avtomobillar zavod chegirmasi hisobga olingan holda 99 – 118 ming yuanga sotuvga chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning birinchi yarmida Toyota dunyoning eng ko‘p sotilgan brendi haqida yozgan edik.